ONA TILI TA’LIMIDA DARS TURLARI O`qituvchining darsga puxta tayyorgarligi ta’lim muvaffaqiyati va samarasi garovidir.
Dars bu, sinfda taqvim-mavzu reja asosida belgilangan vaqt davomida o`qituvchi tomonidan o`quvchilar uchun o`quv-tarbiya jarayonining maqsadli tashkil etilishidir. Shunday ekan, har bir o`qituvchi darsga sifatli va puxta tayyorlanmasdan kirishni insoniylikka, pok vijdonga xiyonat ekanligini va ish xaqini halollab olish lozimligini his qilishi kerak. Chunki, har bir fan o`qituvchisi faoliyati asosini sifatli dars o`tish, o`quvchilarga yaxshi ta’lim-tarbiya berish tashkil etadi.
Ko`pincha dars turi haqida gap ketganda, o`qituvchilar an’anaviy, noan’anaviy, faol, interfaol, anjuman dars, sayohat darsi, trening darsi va boshqa turlarini ko`rsatadilar. Metodik adabiyotlarda darsning turlarini turli nuqtai nazardan tasniflashgan. Masalan, matematik-pedagog V.Shatalov quyidagicha tasniflaydi:
1. Yangi mavzu bilan tanishtirish darsi - yangi bilim hosil qiladi. Bu ma’ruza, sayohat, tadqiqot, mehnat va o`quv praktikumi.
2. Mustahkamlash, umumlashtirish darsi – ko`nikma va malakani shakllantiradi. Bu laboratoriya ishi, anjuman, seminar, davra suhbati va boshqalar.
3. Nazorat darsi – BKMlarning shakllantirganlik darajasi nazorat qilinadi. Nazorat ishi, kollokvium, sinov, bilimlar ko`rigi va boshqalar.
4. Aralash dars.
Dars turlarini pedagog S.I.Perovskiy quyidagicha tasniflaydi:
1. Yangi materiallar bilan tanishtiruvchi dars;
2. Mustahkamlash darsi;
3. Bilim va ko`nikmalarni shakllantirish darsi;
4. Bilimlarni umumlashtirish va tizimlashtirish darsi;
5. Aralash dars.
Yangi materiallar bilan tanishtiruvchi darsda quyidagilar inobatga olinadi: 1. darsning mavzusi, maqsadi, vazifasi va o`quv faoliyatining motivatsiyasi;
2. yangi materialni takrorlash orqali o`rganish va tayanch bilimlarni rivojlantirish;
3. yangi materiallar bilan tanishish;
4. aloqalarni mustahkamlash va o`rganilayoptgan ob’ektlarga munosabat;
5. uyga vazifa berish;
6. darsning yakunlanishi.