HUQUQLAR
|
ERKINLIKLAR
|
Yashash huquqi
|
Fikrlash erkinligi
|
Shaxsiy daxlsizlik huquqi
|
So’z erkinligi
|
Qonun tomonidan teng himoya qilinadi
|
Vijdon erkinligi
|
Aybsizlik prezumpsiyasi (Aybsiz hisoblanish huquqi)
|
Din e’tiqodi erkinligi
|
Turar joyi daxlsizligi huquqiga
|
|
Erkin ko’chib yurish va turar joy daxlsizligi
|
|
Axborot olish, izlash va uni tarqatish huquqi
|
|
Ushbu huquqlarning kengroq talqini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 – 35 moddalarida o’z ifodasini topgan. Shaxsiy huquqlardan barcha shaxslar, fuqaroligidan qatiy nazar foydalaniladi va davlat ham barchaga fuqaroligidan qatiy nazar shaxsiy huquq va erkinliklardan foydalanishga imkon yaratadi.
25 modda. Yashash huquqi har bir insonning ajralmas va tabiiy huquqi bo‘lib, u mamlakatda o‘lim jazosini belgilash, tayinlash va ijro etishni qat’iy inkor etadi.
Konstitutsiya mazkur moddasida “O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi” degan qat’iy norma mustahkamlanmoqda. Shu tariqa, O‘zbekiston ushbu nihoyatda jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanligini konstitutsiyaviy norma bilan mustahkamlagan.
26 modda Inson sha’ni – bu insonning boshqa odamlar oldida o‘z ahamiyatini anglashi yoki insonning ma’naviy obro‘sidir. Inson qadr-qimmati – bu shaxsning o‘zini o‘zi hurmat qilishi, jamiyat a’zosi sifatida o‘z mavqei va ahamiyatini anglashidir.Har qanday holatda ham hech bir shaxs qiynoqqa solinishi va boshqa g‘ayriinsoniy ta’sirlarga duchor etilishi mumkin emasligini Konstitutsiya taqiqlamoqda.Shunga ko‘ra, davlat organlari, mansabdor shaxslar, ayniqsa, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sudya va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari o‘z faoliyatida har qanday holatda ham inson sha’ni, or-nomusi, va qadr-qimmatiga daxl qilmasligi, kamsitmasligi, aksincha ularga insoniy munosabatda bo‘lishlari lozim.
27 modda “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas.
Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart”.
Erkinlik va shaxsiy daxlsizlik har bir shaxsning fundamental huquqlaridan hisoblanadi. Shunga ko‘ra, shaxs erkinligini cheklaydigan har bir harakat faqat qonun doirasida bo‘lishi lozim.Inson huquqlarini sud orqali himoya qilish bo‘yicha muhim institutlardan biri “Xabeas korpus akt” xalqaro darajada umume’tirof etilgan hujjat sifatida shaxs erkinligini ta’minlash yo‘lida o‘ziga xos yangi davrga asos solgan. Shaxs erkinligini ta’minlashni kuchaytirish maqsadida hibsga olish bilan bog‘liq jarayonlar sud qarori asosida amalga oshirilishi belgilangan.Shaxsni ushlab turish chog‘ida unga huquqlari va ushlab turish asoslarining tushuntirilishi – “Miranda qoidasi” – xalqaro huquqda umume’tirof etilgan norma bo‘lib, surishtiruv, tergov va sud jarayonlarida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega. Mazkur qoidaga ko‘ra, shaxsning huquqlari u yaxshi tushunadigan tilda tushuntirilishi va bu til aynan uning ona tili bo‘lishi shart bo‘lmay, shaxs odatda muloqot qiladigan va yaxshi tushunadigan til bo‘lishi talab etiladi.
28 modda “Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi. Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak.Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega. Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas”.
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchining huquqiy himoyasini kuchaytirish borasida jinoyat protsessida aybsizlik prezumpsiyasi odil sudlovning muhim prinsipi hisoblanadi. Shaxsni aybli ekanligiga oid har qanday shubhalar, ayblash uchun yetarli bo‘lmagan ma’lumotlar asosida shaxsni javobgarlikka tortish mumkin emas. Shaxsni aybdorligini isbotlash mutlaqo surishtiruv va tergov organlarining bevosita vazifasidir. Ayni shu bois ham, Konstitutsiyada shaxsni o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emasligiga oid qoida mustahkamlangan.
Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shart. Faqatgina shaxsning o‘z aybini bo‘yniga olish haqidagi ko‘rsatmasi uni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lmasligi lozim. Bunda shaxsni aybdor deb topish va uni jazoga tortish uchun yetarli dalillar to‘plangan bo‘lishi kerak.
29 modda.“Har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi. Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinish, unga qarshi yoki uning foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarning so‘roq qilinishini talab etish, tarjimon yordamidan foydalanish huquqiga ega. Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega. Huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi”.
Jinoyat protsessining har qanday bosqichida advokat yordamidan foydalanish deganda, advokat tomonidan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, birinchi instansiya sudida, hukmni ijro etish, apellyatsiya va kassatsiya tartibida ishlarni ko‘rib chiqishda jinoiy ta’qibga olingan shaxs hamda jabrlanuvchi, guvoh va boshqa shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilinishi tushuniladi. Bundan tashqari, mazkur moddada har qanday dalil qonuniy vositalar yordamida olinishi, aks holda, bunday dalillar sudda foydalanilmasligi belgilangan.Ushbu modda orqali shaxsning sud hukmi ustidan apellyatsiya yoki boshqa tartibda qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha talab qo‘yish huquqi kafolatlangan.
30 modda “Hech kim rasmiy e’lon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas.Hech kim ayni bir jinoyat uchun takroran hukm qilinishi mumkin emas”. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra normativ-huquqiy hujjatlar rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Qonun ham normativ-huquqiy hujjat turlaridan biri hisoblanadi. Shunga ko‘ra, e’lon qilinmagan qonun rasmiy va majburiy kuchga ega bo‘lmaydi, uning asosida hech kim hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas. Mazkur normada “Bir qilmishga bir jazo” prinsipi ham mustahkamlangan.
31 modda “Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega.
Har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega. Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega.Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi”.
Shaxsiy sirlar – bu inson hayotidagi voqealar, faktlar, sharoitlar to‘g‘risidagi har qanday insonning o‘zi ochiqlashni xohlamayotgan va bu ma’lumotlarni boshqalarga ma’lum bo‘lmasligidir. Qachonki shaxs bu ma’lumotlarni o‘z xohishiga ko‘ra ochiqlasa, uning sir tutilish maqomi bekor bo‘ladi. Oilaviy sirlarning shaxsiy sirlardan farqi shundaki, u oilaning bir necha a’zolariga tegishli bo‘ladi. Bunda, sir oilaning barcha a’zolari tomonidan emas, balki bir-ikki a’zosi tomonidan ham maxfiy deb topilishi mumkin. Oilaviy sirlarda ma’lumotlar oilaning barcha a’zolariga yoxud ba’zi birlariga aloqador ham bo‘lishi mumkin.Shaxsga doir ma’lumotlar sifatida insonning bevosita o‘ziga taalluqli bo‘lgan elektron yoki qog‘ozda qayd etilgan ma’lumot tushuniladi. Masalan, shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan yili va joyi, kasbi, fuqaroligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ular sirasiga kiradi.Uy-joy daxlsizligi shaxsning uzviy huquqlaridan biri bo‘lib, unda tintuv o‘tkazish masalasi faqat sud tomonidan hal qilinadi.
32 modda “Qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. Har kim O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistonga to‘sqinliksiz qaytish huquqiga ega”.
Mazkur norma, nafaqat O‘zbekiston fuqarolarining, balki O‘zbekistonda turgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning hamda xorijiy fuqarolarning ham O‘zbekiston hududida erkin harakatlanishini kafolatlaydi. Bu esa fuqarolarga O‘zbekistonning hohlagan joyiga borish, sayohat qilish, bilim olish, ishlash, tadbirkorlik qilish imkoniyatini beradi.
Turar va yashash joyini erkin tanlash huquqi – shaxsga davlat hududi doirasida turar va yashash joyini erkin o‘zgartirish imkonini beruvchi shaxsiy huquq bo‘lib, inson shaxsining erkin rivojlanishi uchun muhimdir. “Turar joy” va “yashash joy” tushunchalari bir-biriga o‘xshash bo‘lsada, ular farqlanadi, turar joy – shaxsning vaqtinchalik turar joyi bo‘lsa, yashash joyi esa – shaxsning doimiy yashash joyi sifatida tushuniladi.
33 modda “Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi.Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi”.
Fikr, so‘z va e’tiqod erkinligi insonning fundamental huquqlari hisoblanadi.Internetdan foydalanish uchun shart-sharoit yaratish, eng avvalo, axborotni izlash, olish, almashish va tarqatishni, shu jumladan, so‘z erkinligi huquqini ta’minlashga ko‘maklashadi. Axborot erkinligi bilan bir qatorda mazkur moddada izlash, olish va tarqatish taqiqlangan axborotning turlari aniq sanab o‘tilgan. Shu doiradan boshqa doiralarda axborot erkinligini cheklash mumkin emas. Boshqa shaxslarning huquqlari va obro‘-e’tiborini hurmat qilish uchun yoki davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, aholi salomatligi yoki ma’naviyatini muhofaza etish uchun shaxsning ayrim huquq va erkinliklari cheklanishi mumkinligi Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktda ham belgilangan.
34 modda “Davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari har kimga o‘z huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlashi shart”, deb belgilangan.
Fuqarolarning davlat bilan o‘zaro aloqalar jarayoni turli xil ma’muriy aktlar bilan kechadi. Ma’muriy aktlar turli ko‘rinishdagi hujjatlar yoki harakat shaklida bo‘lishi mumkin.Ayni shu jarayonlarda har bir shaxsning huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar bilan tanishishi uning konstitutsiyaviy huquqi hisoblanadi.Mazkur modda bilan fuqarolarga o‘zlariga kerakli hujjatlar bilan tanishish imkoniyatini yaratish majburiyati davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuklatilmoqda.
35 modda “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi”, deb belgilangan.
Vijdon erkinligi – bu fuqarolarning xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik bo‘yicha kafolatlangan huquqidir.Fuqarolarning mazkur konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilingan.Unga ko‘ra, fuqaro dinga, dinga e’tiqod qilishga yoki e’tiqod qilmaslikka, ibodatlarda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka, diniy ta’lim olishga nisbatan o‘z munosabatini belgilayotganda uni u yoki bu tarzda majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi. Shuningdek, O‘zbekiston fuqarolari, dinga munosabatidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi mustahkamlangan.
Dostları ilə paylaş: |