Angliyada fuqarolar urushi va burjua inqilobining boshlanishi.
Angliyada 1640-1641-yillarda dehqonlar harakati ham kuchaydi. Dehqonlar tutilgan g’ovlarni buzdilar, pomeshchiklarga renta to’lashdan bosh tortdilar, o’rmonlarni bosib oldilar. 1641 yil oktabrda Irlandiyada ingliz va shotland mustamlakachilariga qarshi qo’zg’olon boshlandi, juda ko’p inglizlar va shotlandlar o’ldirildi. Irlandiyadagi qo’zg’olon to’g’risidagi xabar Angliyadagi inqilobiy vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Uzoq parlament 1641 yil noyabrda “Ulug’ remonstratsiya” degan nom bilan mashhur bo’lgan hujjat ishlab chiqdi. Bu hujjat 204 moddadan iborat bo’lib, Unda Karl 1 podsholik qilgan so’nggi 10 yil ichida qirol tomonidan qilingan suiiste’mollar batafsil ko’rsatib berilgan edi. Ulug’ remonstratsiya 1641 yil noyabrda parlamentda uzoq tortishuvlardan keyin qabul qilindi.Qirol saroyi aksilinqilobiy to’ntarish rejasini ishlab chiqdi. 1642 yil yanvar boshida Karl parlamentning eng faol rahbarlaridan 5 kishini (Pim, Gempden va boshqalar) qamoqqa olish haqida farmon berdi. Lekin ular oldinroq ogohlantirilganliklari uchun yashirinib ulgurgan edilar. Qirolning bunday harakatidan norozi bo’lgan shahar kambag’allari va dehqonlar ommasi Londonda g’alayon ko’tardilar. Natijada aksilinqilobiy isyon amalga oshmadi. Qirol parlament faollarini qamoqqa olish to’g’risidagi farmonini bekor qilishga majbur bo’ldi.1642 yil 10 yanvarda qirol Karl I Londonni tashlab, dvoryanlardan madad olish maqsadida Angliyaning Shimoliga jo’nab ketdi. Angliya fuqarolar urushi bo’sag’asiga kelib qolgan edi. Fuqarolar urushining birinchi katta jangi 1642 yil kuzida Edjgillda bo’ldi. Parlament qo’shini engildi. Qirol Oksfordni bosib oldi va Londonga yo’l oldi. Lekin London militsiyasi (hunarmandlar, xalfalar, shogird-ishchilar, London aholisi) ularni to’xtatdilar. 1643-yil yozida ahvol yana parlament qo’shini uchun xavfli bo’lib qoldi. Royalistlar (qirol tarafdorlari) parlament qo’shinini engib, Yorkshirni bosib oldilar, g’arbda Devonshir bilan Bristolni egalladilar.1643 yil sentabrida Angliya parlamenti bilan Shotlandiya parlamenti o’rtasida ittifoq – kovenant tuzildi. Ular o’z zimmalariga presviterian cherkov tuzumini, Angliya va Shotlandiya parlamentlarining va qirolliklarining erkinliklari va imtiyozlarini saqlab qolish majburiyatlarini oldilar. 1644 yilda parlament qo’shinlari qirolning asosiy qarorgohi – Oksfordga hujum qildilar, lekin qattiq mag’lubiyatga uchradilar.Parlament armiyasi mag’lubiyatining 2 asosiy sababi – harbiy-tashkiliy va siyosiy sababi bor edi. Bu armiya yaxshi tashkil qilinmagan, ikki xil tarkibiy qismdan – doimiy qo’shin va xalq lashkaridan iborat bo’lib, doimiy qo’shin yollanma askarlardan tuzilgan bo’lib, haq to’lanmasa yaxshi jang qilmay, tarqalib ketishi mumkin edi. Xalq lashkari har qaysi graflikda va Londonda yig’ilgan edi. Grafliklar o’z harbiy qismlarini barcha kerakli narsalar bilan ta’minlashi kerak edi. Bu qo’shinlar ancha ishonchli, lekin yaxshi qurollantirilmagan va yaxshi ta’minlanmagan edi.Qirol armiyasi harbiy xizmatni yaxshi biladigan dvoryanlardan iborat edi.