German davlatlari XVII asr ikkinchi yarmi - XVIII asrda.
Germaniyadagi imperator bilan knyazlar o’rtasidagi, katoliklar bilan protestantlar o’rtasidagi, Gabsburglar bilan Chexiya o’rtasidagi munosabatlarga doir ichki masala Chet ellarga ham katta ta’sir ko’rsatdi. G’arbiy Yevropadagi bir qator mamlakatlar Germaniyaga qarshi chiqdilar. 1625 yilda Angliya, Gollandiya va Daniya o’rtasida ispan va Avstriya Gabsburglariga qarshi Uchlar ittifoqi tuzildi. 1643 yilda frantsuzlar ispan piyodalarini qattiq mag’lubiyatga uchratdilar, 1645 yilda ular Elzasni bosib oldilar. 1645 yilda shvedlar sharqda imperiya qo’shinlarini tor-mor etdilar. Frantsuzlar va shvedlarning birlashgan armiyasi 1646 yilda Bavariyaga bostirib kirdi, Germaniya sulh muzokaralarini boshlashga majbur bo’ldi. 30 yillik urushga yakun yasagan Vestfaliya sulhi 1645-1648-yillarda tuzildi. Frantsiya va Shvetsiya Vestfaliya sulhining kafolati (garanti) bo’ldilar, bu ularga Germaniyaning ichki ishlariga aralashish imkoniyatini berdi. Bu davlatlar bir qancha hududlarni o’z tarkibiga qo’shib oldilar. Germaniyaning siyosiy tarqoqligi yanada kuchaydi. Bu erda 300 dan ortiq diniy va dunyoviy knyazlik, 51 ta erkin shahar va 1,5 mingga yaqin ritsarlarning mayda er-mulklari bor edi. 30 yillik urushdan keyin Germaniya G’arbiy Yevropada taraqqiy etgan mamlakatlardan ancha orqada qoldi va ularga qaramligi osha boshladi. Germaniyada 30 yillik urush dehqonlarni yanada xonavayron qildi, ularni qaram dehqonlarga (krepostnoy) aylanish jarayonini yanada kuchaytirdi. 30 yillik urushdan keyin Germaniya sanoati, hunarmandchiligi juda orqaga ketdi. Buning asosiy sababi Germaniyaga juda ko’p miqdorda Chet el tovarlari kirib kelar edi. Nemis shaharlaridagi yarmarkalar Chet el buyumlari saqlanadigan omborxona bo’lib qoldi. XVII asr oxiridan Germaniyada iqtisodiy jonlanish boshlandi, u birinchi navbatda qishloq sanoatida yuz berdi (kalava ip, jundan va zig’ir tolasidan gazlama, har xil to’rlar tayyorlash va sh.o’.). . Imperiya shaharlarining tushkunlikga ketishi natijasida ularning 2/3 qismi, ya’ni 100 ga yaqini dunyoviy yoki diniy knyazlar qo’li ostiga tushib qoldi. XVIII asrda atigi 51 ta shahar o’zining yuridik mustaqilligini saqlab qolgan edi. XVIII asrda Germaniyada krepostnoy dehqonlarni asoratga solish yanada kuchaydi. XVIII asrda Germaniyada sanoat rivojlanishi Angliya, Frantsiya, Gollandiyaga nisbatan past darajada bo’ldi. Germaniyaning bir qancha rayonlarida yirik manufakturalar paydo bo’ldi. Lekin butun asr davomida sanoatning hukmron shakli sifatida tsex hunarmandchiligi asosiy o’rin tutdi. Nemis knyazlari o’z fuqarolarini jang qilish uchun Chet ellarga sotar edilar. XVIII asrning 1-yarmida ular askarlarni sotishdan Angliyadan 46,5 mln. funt sterling, Frantsiyadan 137 mln. livr daromad oldilar.
Dostları ilə paylaş: |