Dunyoqarash, uning tuzilishi va asosiy turlari
Reja:
Dunyoqarash tushunchasi, uning tuzilishi va tarixiy shakllari.
Falsafa fanining predmeti, funksiyalari.
Falsafa va iqtisod.
Dunyoqarash nima? Har bir kishining dunyoga nisbatan oʻz qarashi, oʻzi va oʻzgalar, hayot va olam toʻgʻrisidagi tasavvurlari, xulosalari boʻladi. Chunki inson oldida uning voqelikka, boshqa odamlarga, oʻz-oʻziga nisbatan munosabatini belgilovchi savollar koʻndalang turadi. Har birimiz u yoki bu tarzda ularga duch kelamiz. Bizni qurshab turgan olam nimadan tashkil topgan? Uni bilib boʻladimi, agar bilish mumkin boʻlsa, qay darajada? Insonning oʻzi nima? U qanday boʻlishi kerak? Oʻlimdan soʻng bizni nima kutadi? Dunyoni nima boshqaradi? Dunyoda yovuzlik muqarrarmi? Inson dunyoni oʻzgartira oladimi? Bu kabi savollarga javoblardan inson dunyoqarashi shakllanadi.
Dunyoqarash bu kishilarning olam va uning oʻzgarishi, rivojlanishi haqidagi ilmiy, falsafiy, siyosiy, huquqiy, axloqiy, estetik, diniy qarashlari tizimidir. Dunyoqarash yordamida inson oʻzini va dunyoni anglaydi, baholaydi, yakuniy oʻzining mustaqil xulosasini beradi va dunyoni ongida in’ikos etadi. Inson va insoniy munosabatlar, koʻnikmalar, malakalar, bilimlar dunyoqarash orqali rivojlanadi. Praksiologiyaning eng asosiy omili ham dunyoqarash hisoblanadi. Dunyoqarash – olamni eng umumiy tarzda tasavvur qilish, idrok etish va bilishdir. Har qanday dunyoqarash tarkibiga: bilim, baholash, e’tiqod va aqidalar kiradi.
Dunyoqarashning quyidagi funksiyalari mavjud: bilish, qadriyatlarga munosabat, xulq-atvorni belgilash.
Dunyoqarashning bilish funksiyasi – insonda qiziqish uygʻotuvchi barcha savollarni va muayyan yoʻl bilan topuvchi javoblarni oʻz ichiga oladi. Bilish odamlar dunyoqarashini boyitadi va kengaytiradi.
Dunyoqarashning qadriyatlarga munosabat funksiyasi – insonning hayotni va oʻzini oliy qadriyat deb hisoblagan holda shakllanadi. Zero, oʻz qadrini bilmagan inson oʻzgalar qadrini bilmaydi va hayotda oʻz oʻrnini topa olmaydi.
Dunyoqarashning xulq-atvorni belgilash funksiyasi – insonda oʻz- oʻzini tarbiyalash, ma’naviy madaniyatini takomillashtirish va oʻzining ma’naviy dunyosiga xos muhit tanlash malakalarini shakllantiradi.
Dunyoqarash ayrim kishilar, ijtimoiy guruh, sinf yoki umuman jamiyatning faoliyati yoʻnalishini va voqelikka munosabatini belgilaydi.
Dunyoqarashning alohida kishiga xos shakli individual dunyoqa- rash deyiladi. Guruh, partiya, millat yoki butun jamiyatga xos dunyoqarashlar majmuasi – ijtimoiy dunyoqarash deyiladi.
Dostları ilə paylaş: |