Syujet strukturasini kompyuter vositasida qoliplash - KLning yo‘nalishlaridan
biri hisoblanadi. Syujet strukturasining muammolari struktur adabiyotshunoslik,
semiotika, madaniyatshunoslik muammolari bilan bog‘liq. Hozirgi kunda syujet
strukturasini kompyuter vositasida qoliplash dasturi uch baza asosiga qurilgan. Bular
morfologik, sintaktik va kognitiv. Ilk bor syujet strukturasining morfologik asosini V.YA.Propp rus xalq sehrli
ertaklari ustida tadqiqotlar olib borib ishlab chiqqan. Keyinchalik bu g‘oya
rivojlantirilib TALE kompyuter dasturi yuzaga keldi. Bu dasturda morfologik
elementlar ertak qahramonlari orqali yuzaga chiqadi. Dasturda funksiyalarning tipik
ketma-ketligi personajlarning uchrashuvi senariysi sifatida tasvirlanadi. Matn
syujetiga sintaktik yondashuvning nazariy asosini «syujetli grammatikalar» yoki
«hikoya qiluvchi grammatikalar» tashkil etadi. Bunday grammatikalarning
mukammal g‘oyalari 1970 yillarda N.Xomskiy tomonidan ishlab chiqilgan. Ishlab
chiqilayotgan grammatikalarning sintaktik strukturasining asosini fe’l va ism so‘z
turkumlari guruhi tashkil etgan bo‘lsa, syujetli grammatikalarda ekspozitsiya, voqea-
hodisa va epizod alohida o‘rin tutadi. Syujetli grammatikalarni yaratishda nazariy
jihatlarni minimal darajada qisqartirib, elementlar ketma-ketligini syujet orqali aks
ettirishga o‘ringanlar. Bu jarayonda faqat lingvistik metodlar bilan masala hal
bo‘lmaydi. Bunda ijtimoiy, madaniy xususiyatlar ham inobatga olinadi. 1980 yillarda
R.Shenk, V.Lenert emotsional syujet birliklarining formalizmi (Affective Plot Units)
syujet strukturasini tasavvur etishning yangi usulini yaratdi. Ushbu dastur sun’iy
intellekt sistemasi uchun ishlab chiqilgan bo‘lib, bu formalizm nazariy tadqiqotlarda
qo‘llana boshladi. V.Lenert formalizmida syujetning markaziy komponentlari –
ekspozitsiya, voqea-hodisa, epizod, xulosa – emas, ularning mazmuniy tavsifi
keltiriladi. V.Lenert formalizmi Propp g‘oyalariga qisman qaytadi. Hozirgi kunda
«syujetli grammatikalar» keng ko‘lamda qo‘llanilmoqda.