Ermon - Artemisia absinthium L. (Полынь горькая) O’simlik tavsifi: Ermon Asteraceae oilasiga mansub, balandligi 60-100 sm bo„lgan ko„p yillik o„simlik. Ildiz tizimi o„q ildizli bo„lib, tuproqqa vertikal kirgan yo„g„onlashgan asosiy ildizdan iborat. Hayotining birinchi yilida ildiz bo„g„zida qo„shimcha kurtaklari hosil bo„ladi, ulardan ikkinchi yili yangi poyalar rivojlanib, keyingi yil gullash va mevalashga kirishadi. Barglari va poyalari kulrang-kumushrang bo„lib, ular qisqa tuklar bilan zich qoplangan. Poyasi tik turuvchi, biroz qirrali, yuqori qismida shoxlangan, asosida ba’zida uzun bandli uchburchak-yumaloqsimon uch karra patsimon bo„lingan bargli mevasiz qisqargan poyalarni hosil qiladi. O„rta barglari qisqa bandli, ikki karra patsimon bo„lingan; yuqori barglari uchga bo„lingan yoki butundir. Kichik gullari diametri 3,5 mm gacha bo„lgan sharsimon osilgan savatchalarda to„planadi, bir yonli qisqa shingilda joylashgan, ular o„z navbatida zich bo„lmagan ro„vaklarni hosil qiladi. Har bir savatchada 80 ga yaqin sariq gullar bor, barcha gullar naysimon, kosachabargsiz. Meva uzunligi taxminan 1 mm bo„lgan jigarrang pistacha. Iyun-avgust oylarida gullaydi, mevalari avgust-sentyabrda yetiladi. Tibbiyotda ermonning o„ti (gulli yuqori qismi) va barglari ishlatiladi. O’sish joyi va tarqalishi:Ermon butun O„zbekiston hududida keng tarqalgan. Ermon dasht va adir zonalarida o„sadi. U o„simlik qoplamida raqobatbardosh o„simlik bo„lmaganligi sababli faqat buzilgan o„sish joylarida - yaqinda bo„shagan yerlarda, uylar yaqinida, yo„llar bo„yida, tomorqalarda, dala chegaralarida va yetarlicha g„ovak tuproqli yaylovlarda o„sadi. Odatda kam uchraydi, lekin ba’zida yaqinda bo„shagan yerlarda deyarli zich o„sish maydonlarini hosil qiladi. Asosan urug„lari, shuningdek, ildizbo„g„zida hosil bo„lgan vegetativ qo„shimcha kurtaklar bilan ko„payadi. Yorug„sevar o„simlik, unumdor, o„rta nam g„ovak va kulrang qumli tuproqlarni afzal ko„radi.