Materikda tuproq turlarining tarqalishi haqida ma’lumot bering?
O’simlik dunyosining o’ziga xos tomonlarini ayting?
Yevrosiyo tabiat zonalari shakllanishi to’g’risida ma’lumot bering?
Materik faunasining rivojlanishi va ularning tavsifini ayting?
Antropogen landshaftlarning paydo bo’lishida qaysi komponentlar ishtirok etadi?
Materikda tashkil qilingan milliy bog’ va qo’riqxonalarningo’rni qanday?
Yevrosiyo tabiatini muhofaza qilishda qanday chora-tadbirlar amalga oshirilgan?
Materik tabiati ifloslanishining asosiy sabablari nimalardan iborat?
YEVROSIYO MATERIGINI TABIIY GEOGRAFIK RAYONLASHTIRISH
Yevrosiyo maydonining kattaligi, geologik-tektonik va orografik tuzilishining murakkabligi, okeanlarning doimiy va mavsumiy ta’siri, Shimoliy yarim shardagi barcha geografik va iqlim mintaqalarida joylashganligi materik landshaftlarining makonda murakkab strukturaga ega bo’lgan zonal-regional differentsiatsiyalanish imkonini yaratadi.
Materik landshaft komplekslarining hozirgi shakllardagi ko’rinishi, turli xil taksonomik birliklar o’lchovi tizimida namoyon bo’lishi xilma-xil geografik jarayonlarning, tabiiy geografik sharoitning, uzoq davom etgan geologik va tektonik
rivojlanish tarixining hamda inson xo’jalik faoliyatining natijasidir. Yevrosiyo g’arbiy qismi tabiatining shakllanishida mo’tadil dengiz iqlimini vujudga keltirgan Atlantika okeanining ta’siri kuchli. Materikning O’rta dengiz suvi bilan kuchli parchalangan janubi-g’arbiy qismi o’ziga xos morfostruktura tiplaridan tarkib topgan. Yevrosiyoning shimoliy qismidagi tabiiy landshaftlarning shaklanishida Shimoliy Muz okeanidan keladigan sovuq Arktika havo massasining roli katta. Materikning Sharqiy va janubi-Sharqiy regionlarida mo’tadil subtropik va tropik mintaqalarining musson iqlimi ta’sirida vujudga kelgan landshaftlar hukmronlik qiladi. Janubda esa subekvatorial va ekvatorial iqlim mintaqalariga qarashli hududlarda ekvatorial havo massalari ta’siri natijasida o’ziga xos tabiiy sharoit va landshaft zonalari shaklangan. Materik ichkarisida arid iqlim sharoitida hosil bo’lgan cho’l, chala cho’l va dasht landshaftlari hukmronlik qiladi. Bularning hammasi Yevrosiyo hududida bir-biridan farq qiluvchi yirik regionlarni va tabiiy geografik o’lkalarni vujudga keltiradi.
Tabiiy geografik rayon tabiiy geografik hududlashtirishning eng yuqori taksonomik birliklaridan biri hisoblanadi. Tabiiy geografik rayon materikning katta qismi bo’lib, geostruktura jihatdan hududining umumiyligi, geografik o’rni va atmosfera sirkulyasiyasiga bog’liq bo’lgan makroiqlim rejimining o’ziga xosligi hamda landshaft komplekslarining tekisliklarda kenglik zonallik, tog’larda balandlik mintaqaliliq bo’ylab taqsimlanish xususiyatlari bilan ajralib turadi. Materikning tabiiy geografik joylashgan o’rni, shimoldan janubga va g’arbdan Sharqqa tomon uzoq masofaga cho’zilganligi, tabiiy sharoiti va rel’efining murakkab tuzilganligi, okeanlarning turli darajada ta’sir etganligi sababli materikda 12 ta tabiiy geografik rayon (TGR) va ular doirasida 42ta tabiiy geografik o’lka (TGO’) ajratiladi. Yevrosiyo hududini quyidagi yirik rayonlarga bo’lish mumkin; Arktikaning Yevrosiyo sektori, Shimoliy Yevropa, G’arbiy Yevropa, O’rta dengiz sohili, Old Osiyo tog’ligi va Kavkaz, Janubi-g’arbiy Osiyo, Shimoliy Osiyo, Markaziy Osiyo, Baland Osiyo, Sharqiy Osiyo, Janubiy Osiyo va Janubi-Sharqiy Osiyo.