25-DARS: UYUSHIQ BO‘LAKLI GAPLAR Gapda ba’zan ayrim bo‘laklar birdan ortiq kelishi mumkin. Birdan ortiq kelgan
bunday bo‘laklar bir xil shaklda kelib bir xil so‘roqqa javob bo‘ladi. Shu xilda
qo‘llangan bo‘laklar uyushiq bo‘lak hisoblanadi. Tarkibida uyushiq bo‘laklar ishtirok
etgan gaplar uyushiq bo‘lakli gap sanaladi.
Misol: 1. Shu payt Qosim aka patnisda
xurmo, anor, olma olib chiqdi
(S.Ahmad). 2. Umarali
tollar, majnuntollar, teraklar tagida asta sayr qilib, sabrsizlik
bilan kezardi (Oybek). 3. Aytganlarim rost
: bordik, o‘tirdik, bahslashdik (Oybek).
Yuqoridagi misollarning birinchisida vositasiz to‘ldiruvilar (
xurmo, anor, olmani ), ikkinchisida o‘rin hollar (
tollar, majnuntollar, teraklar tagida) va
uchinchisida esa kesimlar (bordik, o‘tirdik, bahslashdik) birdan ortiq bir xil shaklda,
bir xil so‘roqqa javob bo‘lib kelgan - uyushib kelgan.
Birdan ortiq kelgan bir xil bo‘laklar doim uyushiq bo‘lak hisoblanavermaydi.
Misollarni qiyoslaymiz:
Men sportni, muzikani sevaman. Men sizga kitobni sovg‘a qilmoqchiman. Misollarning birinchisda ikkita vositasiz to‘ldiruvchi bir xil so‘roqqa javob
bo‘lib, birdan ortiq kelgani uchun uyushiq to‘ldiruvchi hisoblanadi. Ikkinchi misolda
ikkita to‘ldiruvchi kelgan bo‘lsa ham ular ikki xil shaklda – jo‘nalish kelishigi va
tushum kelishigi affikslarini olgan holda qo‘llangan va ikki xil so‘roqqa (kimga?
nimani?) javob bo‘lgan. Shuning uchun ular uyushgan bo‘lak sanalmaydi.
Xuddi shunga o‘xshash holatni quyidagi misollarda ham ko‘rish mumkin:
Ko‘klamning mayin shamollari esmoqda . Bu gapda ikki xil aniqlovchi (qaratqich va
sifatlovchi) ishtirok etgan. Doim Samarqandda yashadik. Bu gapda ikki xil hol (payt
holi va o‘rin holi) ishtirok etgan. Bu har ikki misoldagi birdan ortiq qo‘llangan
aniqlovchi va hollar uyushgan bo‘lak hisoblanmaydi.
Gapning barcha bo‘laklari uyushib keladi.
Egalar uyushadi :
Bu musobaqaning o‘z g‘oliblari, o‘z «chempion»lari bor edi. Unga Buxoroning tillasi, qora ko‘li, pillasi, gazi kerak edi (S.Ahmad). Uning do‘stlari, shogirdlari, muxlislari benihoya ko‘p edi (S.Ahmad.)