Eshitish qobiliyati buzilgan bolalarni ommaviy, umumiy oʻrta ta’lim maktablarida korreksion oʻqitish. Eshitish analizatorining normal ishlashi bolaning umumiy rivojlanishi uchun alohida ahamiyatga ega boʻladi. Eshitish analizatori buzilganda bolaning nutqi, psixologik rivojlanishi yomonlashadi, idrok etish faoliyati, umumiy rivojlanishi me’yordan ortda qoladi. Statistik ma’lumotlariga qaraganda, keyingi vaqtlarda eshitish organi funksiyasi buzilgan va eshitmaydigan bolalar soni doimiy ravishda ortib bormoqda.
Ommaviy umumiy oʻrta ta’lim maktabida eshitish qobiliyati bir oz pasaygan bolalar oʻqishi mumkin. Oʻqituvchi bolaning darsda bildirilayotgan fikrlarni yaxshi eshita olishiga e’tibor berishi, buning uchun bolani birinchi yoki ikkinchi partaga, iloji boʻlsa oʻrta qatorga oʻtkazishi muhim hisoblanadi. Shuningdek, oʻqituvchi bola uning gaplarini toʻg‘ri tushuna olganligi, topshiriqni toʻg‘ri bajarayotganligini nazorat qilib turishi kerak. Ba’zida eshitmaydigan yoki yomon eshitadigan bolalar ommaviy, umumiy oʻrta ta’lim maktablarida eshitadigan tengdoshlari bilan birga muvaffaqiyatli oʻqiydilar.
Sinfga eshitmaydigan yoki yomon eshitadigan bola qabul qilinganida, oʻqituvchi psixofiziologik hamda nutq rivojlanishi xususiyatlarini bilishi talab etiladi.
Koʻrish qobiliyati buzilgan oʻquvchilarni korreksion oʻqitish. koʻrish qobiliyati buzilishi turlari, ularning sabab va oqibatlari Ko‘rish qobiliyati buzilgan bolalarni o‘qitish va tarbiyalash xususiyatlari bilan shug‘ullanadigan tiflopedagogika (yunoncha “typhlos” – “ko‘r”) – korreksion pedagogika (defektologiya)ning muhim sohasidir.
Koʻrish – koʻrish analizatori yordamida borliqni sezish va qabul qilishdir. Miya koʻrish orqali tashqi dunyo haqidagi ma’lumotlarni oladi.
Bolaning koʻrish qobiliyati buzilganda uni rivojlantirish, oʻqitish va tarbiyalash jarayonlarida jiddiy qiyinchiliklar yuzaga keladi.
Bolalarda koʻrish qobiliyati buzilishining sabablari turlicha boʻlib, ular nasliy kasalliklar, homila ona qorinida rivojlanayotganda koʻrish organlari patologiyasining yuzaga kelishi, homiladorlik paytida onaning tokeplazmoz, qizamiq va boshqa og‘ir kasalliklar bilan og‘rishi va boshqa omillardan iborat boʻlishi mumkin.
Koʻrish qobiliyatining buzilishi tug‘ma yoki orttirilganboʻladi.
Tug‘ma koʻr boʻlish homilaning zararlanishi sababli yuzaga keladi. Koʻrish nuqsonlarining yuzaga kelishida nasl omili ham koʻzga tashlanadi.
Orttirilgan koʻrlik odatda koʻrish organlari – toʻr pardasi, shoh parda yoki markaziy nerv tizimining kasallanishi (meningit, miya shishi, meningoentsifalit), organizmning umumiy kasallanishidan keyingi asoratlari (kor, gripp, skorlatina), shuningdek, miya yoki koʻzning jarohatli shikastlanishi (boshi yaralanishi, shikastlanishi) oqibatida boʻlishi mumkin.
Koʻrish qobiliyati buzilgan bolalar quyidagi guruhlarga ajratiladi:
1. Koʻr tug‘ilganlar
2. Erta koʻr boʻlib qolganlar.
3. Uch yoshidan keyin koʻr boʻlib qolganlar.
Ommaviy maktablarda, ta’lim olganda koʻrish qobiliyati past bola jiddiy qiyinchiliklarga duch keladi. Idrok etishning aniq emasligi, sekinligi, torligi kabi xususiyatlar predmetlarni tanib olish, ularning shaklini ajratish, oʻziga xos belgilarini bilib olishda ma’lum qiyinchiliklar paydo boʻladi. Bolalar satrlar, harflar va raqamlarni adashtiradilar. Bular oʻqish texnikasini egallash, oʻqilganlarining mazmunini tushunishga halaqit beradi. Oddiy maktabda yomon koʻruvchi bolalar doskada nima yozilganligini koʻrmaydilar, qarab bajariladigan ishlarni tashkil etishda tez charchaydilar, bu ularning ish qobiliyatlarini pasaytiradi. Pedagoglarning oldidagi eng muhim vazifa – yomon koʻradigan bolani oʻz vaqtida aniqlash, unga maxsus ta’lim va tarbiya berish masalasini hal etish uchun PMPK52ga yuborishdan iborat. Yomon koʻradigan bolalarni oʻqitish va tarbiyalash asosan maxsus (korreksion) maktablarda amalga oshiriladi.