Koʻrish qobiliyati buzilgan bolalarni ommaviy, umumiy oʻrta ta’lim maktablarida korreksion oʻqitish va tarbiyalash. Koʻrish qobiliyati buzilgan bolalar bilan ish olib borayotgan oʻqituvchi korreksion ishlarning oʻziga xos jihatlarini bilishi zarur.
Ular tuzatuvchi koʻzoynak taqishlari kerak. Lekin koʻzoynak taqishda bolalar pedagogning oʻzlariga diqqat bilan munosabatda boʻlishlariga ehtiyoj sezadilar. Maktabda va uyda oʻquv ishlarini bajarishda sanitariya – gigienik talablarga amal qilish lozim. Koʻrishida nuqsoni boʻlgan bola uchun ish oʻrni toʻg‘ri va yetarlicha yoritilgan boʻlishi kerak. Bunday bola deraza yonidagi birinchi yoki ikkinchi qatorga oʻtkazilishi lozim. Yaqinni koʻradigan bola ham doskaga yaqinroq birinchi yoki ikkinchi partada oʻtirishi zarur. Uzoqni koʻradigan bola esa, aksincha, doskadan uzoqroqqa – oxirgi partaga joylashtirilishi talab etiladi.
Oʻqituvchi oʻquvchining doska, jadval va xaritadagi oʻquv materiallarini qabul qilishi va tushunishini nazorat qilib borishi kerak. Anomal refleksiyali bolalarda koʻzi charchashi koʻp kuzatiladi. Shuning uchun dars paytida ularga koʻrish ishlarini boshqa turdagi ishlar bilan uyg‘unlashtirib berish zarur. Anomal refleksiyali bola 10 – 15 minut davomida intensiv koʻrish ishlarini bajargandan keyin bir necha minut uzoqqa (doska yoki derazaga) qarashi kerak, bu koʻrish charchog‘ining bartaraf etilishiga yordam beradi.
Koʻrish qobiliyati ancha og‘ir boʻlgan – koʻr va yomon koʻradigan bolalarni oʻqitish maxsus ta’lim muassasalarida amalga oshiriladi. Ba’zan koʻrish qobiliyati og‘ir buzilgan bolalar ommaviy umumiy oʻrta ta’lim maktablariga ham qabul qilinadi. Bunday vaziyatda anomal bolalar uchun maxsus sharoitlarni yaratish zarur.
Sinfida og‘ir koʻrish qobiliyati buzilgan bola boʻlgan oʻqituvchi unga differentsial yondashuv asosida munosabatda boʻlishi zarur. Buning uchun sinfdagi oʻquvchilarning soni 15 nafardan oshmasligi, sinf xonasi yaxshi yoritilgan, koʻrishda nuqsoni boʻlgan bolaning ish oʻrni esa qoʻshimcha yoritilgan boʻlishi kerak. Oʻquv-tarbiyaviy ishlar jarayonida oʻqituvchining nutqi katta ahamiyatga ega boʻladi. Uning nutqi aniq, tushunarli, ifodali boʻlishi, oʻqituvchi oʻzining har bir harakat mohiyatini soʻz yordamida sharhlab borishi zarur.
Sinfida koʻr yoki yomon koʻradigan bola boʻlgan oʻqituvchining individual xususiyatlari va imkoniyatlarini bilishi, normal koʻradigan tengdoshlaridan farq qilishini yaxshi anglashi maqsadga muvofiqdir.