Тарбия жараёни – шахсни шакллантиришга мақсадли йўналтирилган, тарбияловчи ва тарбияланувчилар ҳамкорлиги учун махсус ташкил этилган, бошқариладиган ва назорат қилинадиган, ўзининг пировард мақсади сифатида шахсни шакллантирадиган жараёндир. Тарбия жараёнининг энг асосий натижаси – ҳар томонлама ва уйғун камол топган юксак маънавиятли шахсни шакллантиришдир.
Hordiq – insonning yangilanish, tiklanish, uning jismoniy va ma’naviy kuchini koʻpaytirish, dunyoqarashini boyitish, ijodiy faolligini oshirishni amalga oshirishga moʻljallangan va shu asosda rejalashtirilgan shaxsiy vaqtning bir qismidir. Ta’lim muassasalarida tarbiyaviy jarayonni tashkil qilish asosiga ilg‘or milliy, ma’naviy – axloqiy qadriyatlar va mezonlar, xalq pedagogikasi, marosimlar, bayramlar, oʻyinlar va boshqalar qoʻyilishi kerak. Ularni tashkil etishda va oʻtkazishda tarbiya texnologiyalaridan yoki interfaol uslublardan foydalanish oʻquvchida oʻz yurtiga mehr – muhabbat, oilaparvarlik, kasbiy fidoiylikni shakllantirishga yordam beradi. Tarbiyaviy jarayon umumiy oʻrta, oʻrta-maxsus va kasb-hunar, oliy ta’lim muassasalarida oʻziga xos ahamiyat kasb etadi. Pedagog xodimlar, tarbiyachilar va guruh rahbarlari milliy g‘oya bilan ham qurollangan boʻlib, uni har bir fuqaro ongiga etkazish malakalariga ega boʻlishlari ularning tarbiya jarayoni, tarbiyaviy ishlar va ularning uslubiyoti haqidagi bilim, koʻnikma va malakalariga, pedagogik mahoratlariga koʻp jihatdan bog‘liqdir. Tarbiya jarayoni – tarbiyaviy ishlar, tadbirlarning doimiy harakatdagi zanjiridan iborat. Tarbiyaviy tadbirlar – turli xil moddiy va ma’naviy ehtiyojlarga javob beruvchi, tarbiyaviy maqsadlarning yagona majmuasiga boʻysindirilgan, bir-biri bilan oʻzaro hamkorlik qiluvchi, oʻzida bir butun ta’limni koʻzda tutgan tarbiyaviy ta’sir majmuidir. Ta’lim jarayoni alohida darslardan tashkil topgan kabi tarbiyaviy tadbirlardan tarbiya jarayoni vujudga keladi. Tadbirlar, tarbiyaviy ishlar – tarbiya jarayonining bir boʻlagidir.