Oʻquvchilarning yangi materiallar bilan tanishish darsi yoki yangi bilimlarni berish (oʻrganish) darsi nisbatan keng doiradagi savollarni oʻz ichiga olgan va uni oʻrganishga koʻp vaqti talab qiluvchi, oʻquvchilarga notanish yangi material mazmuni boʻlgan ta’lim jarayoni. Bunday darslarda uning mazmuni, aniq maqsadi va oʻquvchilarning mustaqil ish bajarishga tayyorgarliklariga qarab ba’zi hollarda yangi materialni oʻzi bayon etadi. Boshqa hollarda esa oʻqituvchi rahbarligida oʻquvchilarning mustaqil ishlari olib boriladi, uchinchi holda unisidan ham bunisidan ham foydalaniladi. Yangi material bilan tanishish darsining tuzilishi: yangi materialni oʻrganish uchun asos boʻlgan avvalgi materialni takrorlash, oʻqituvchining yangi materialni va darslik bilan ishlashni tushuntirishi, bilimlarni oʻzlashtirishni tekshirish va dastlabki mustahkamlash, uyga vazifa berish.
Bilimlarni mustahkamlash darslarida oʻquv ishining asosiy mazmuni avvalgi bilimlarni mustahkam oʻzlashtirish maqsadida ularni ikkinchi bor tushunib olish hisoblanadi.
Oʻquvchilar oʻz bilimlarini yangi manbalar boʻyicha anglab oladilar va chuqurlashtiradilar. Ma’lum boʻlgan qoidaga asosan yangi masalalar yechadilar, ilgari olgan bilimlarini og‘zaki va yozma takrorlaydilar yoki yanada chuqurroq va mustahkam oʻzlashtirish maqsadida ulardan alohida masalalar boʻyicha axborot beradilar. Tuzilishi boʻyicha bunday darslar quyidagi bosqichlardan oʻtishni koʻzda tutadi: uy vazifasini tekshirish, og‘zaki va yozma mashqlarni bajarish, topshiriqni bajarishni tekshirish, uyga vazifa berish.
Koʻnikma va malakalarni ishlab chiqish va mustahkamlash darslaribilimlarni mustahkamlash darslari bilan bog‘liq. Bu jarayon bir necha maxsus darslar jarayonida amalga oshiriladi. Boshqa darslarda yangi mavzularni oʻrganishda davom ettiriladi. Shu bilan birga mashqni bajarish ishlari oʻqituvchi yordamida, ular topshiriqni qanday tushunganliklari dastlab jiddiy tekshirish bilan bajarilsa, keyinchalik esa qayerda, qanday qoida qoʻllanilishini oʻquvchilarning oʻzlari belgilaydilar. Ular turli vaziyatlarda malaka va koʻnikmalarini qoʻllash, shu jumladan, amalda qoʻllashni oʻzlashtirib olishlari kerak.