44 modda “Sud qarori bilan tayinlangan jazoni ijro etish tartibidan yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanadi.
Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, axloqiga, aqliy va jismoniy rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning ta’lim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi”.
Majburiy mehnat biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qo‘llash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda o‘z xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi. Jazo deganda jismoniy shaxsning ixtiyoriy roziligi mavjud bo‘lmagani holda, ushbu shaxsga nisbatan uni mehnat faoliyatini amalga oshirishga majbur qiladigan har qanday moddiy, jismoniy yoki ruhiy ta’sir choralarini qo‘llash yoki qo‘llash tahdidi tushuniladi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talablarni buzish, ya’ni voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik beldilangan.
45 modda. “Har kim dam olish huquqiga ega.
Yollanib ishlovchilarga dam olish huquqi ish vaqtining davomiyligini, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarini, haq to‘lanadigan har yilgi mehnat ta’tilini belgilash orqali ta’minlanadi”.
Dam olish vaqti xodim mehnat majburiyatlarini bajarishdan ozod bo‘lgan va o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanishi mumkin bo‘lgan vaqtdir. Dam olish vaqtining turlari quyidagilardan iborat:
▫️ish kuni (smena) davomidagi tanaffuslar;
▫️har kungi (smenalar oralig‘idagi) dam olish;
▫️dam olish kunlari (har haftalik uzluksiz dam olish);
▫️ishlanmaydigan bayram kunlari;
▫️har yilgi asosiy va qo‘shimcha mehnat ta’tillari;
▫️xodimning istagiga ko‘ra dam olish kunida yoki ishlanmaydigan bayram kunida ishlaganlik uchun kompensatsiya sifatida taqdim etiladigan ishdan bo‘sh bo‘lgan qo‘shimcha kunlar, shuningdek qon va uning tarkibiy qismlari topshirilgan har bir kundan keyin donorlarga beriladigan dam olish kuni.
46. modda. “Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega. Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas”.
Davlat tomonidan pensiyalarning bir qator turlari belgilangan, unga ko‘ra:
▫️yoshga doir pensiya;
▫️nogironlik pensiyasi;
▫️boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi.
Yoshga doir pensiya olish huquqiga:
▫️erkaklar – 60 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 25 yil bo‘lgan taqdirda;
▫️ayollar – 55 yoshga to‘lganda va ish stajlari kamida 20 yil bo‘lgan taqdirda ega bo‘ladilar.
Eng kam iste’mol xarajati deganda, insonning asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun 1 oy davomida zarur bo‘ladigan tovar va xizmatlarni sotib olishga yetadigan mablag‘ miqdori tushuniladi. Eng kam iste’mol xarajatlari miqdorini hisoblab chiqishda bugungi sharoitda aholining real o‘rtacha ijtimoiy xarajatlarini inobatga olish lozim.
Dostları ilə paylaş: |