www.ziyouz.com kutubxonasi
137
Xona ichi qorong‘i edi, deraza ortidagi shahar esa juda uzoq ko‘rinardi. Yigitni yolg‘izlikning achchiq
tuyg‘usi qamrab oldi. Juvon uning faqat qo‘lidan ushlab turgan edi, biroq o‘zini tortgach, o‘zini
mutlaqo tashlandiq his etdi. Endi bo‘lsa ular ketishayapti.
— Yo‘q, — dedi yigit. — Kechiring meni. Buni sovuq odam aytgan edi.
Juvon kiprik qoqmay, joyidan qimir etmay turardi.
— Qaynoq odam nima deydi bo‘lmasa?
— U... — Palmer tomog‘i g‘alati tarzda bo‘g‘ilganini his etdi. — U... — U yo‘taldi, biroq tomog‘idagi
achchiq narsa ketmadi. — U he-hech nima demaydi, — qulog‘iga chalindi uning va o‘z ovozini bazo‘r
tanidi. U mashaqqat bilan tutilib aytgan bu so‘zlar nazarida uning tomog‘ini yanada qattiqroq bo‘g‘di.
U bir lahzada ko‘zini yumdi-da, fikrini jamlab oldi. — U hech nima demaydi. — Zo‘rg‘a takrorladi u.
— Hech qachonmi?
— Aftidan, u... — Palmer jimib qoldi va og‘ir xo‘rsindi. Tomog‘idagi zo‘riqish go‘yo o‘pkasiga ham
yoyilganday bo‘ldi: u qiyinchilik bilan kerakli havoni yuta oldi. U asta ko‘zini ochdi, xuddi o‘zini rostlab
olmoqchiday qaddini tikladi, yana bir marta yutoqib nafas oldi-da, tez qo‘shib qo‘ydi:
— Af-aftidan u o‘-o‘lgan.
— Ho-o!
— Ancha oldin, — so‘zini tugatdi Palmer. So‘zlar uning og‘zidan qiyinchilik bilan, xuddi ingraganday
chiqdi. Tomog‘iga yana bir narsa kelib tiqilishini sezib, Palmer shosha-pisha juvonga intildi. U
juvonning qo‘llaridan tutdi va muzdek barmoqlari uning issiq badanini his etdi. Palmer uni o‘zi tomon
tortdi va atirning zaif dudli hidi bamisoli uni yutib yubordi. Juvonning yumshoq lablari xiyol ochildi va
yigit viskining kuyindi hidini tuydi. Juvonning qo‘llari uning yon-veridan chirmab oldi. Palmer avvaliga
asta-sekin, keyin esa tobora tezroq g‘arq bo‘la boshladi.
Mak Berns, aftidan, shoyi choyshabda uxlar ekan — voqelikning birinchi tetik va aniq sezgisini
Palmer mana shu ajabtovur kayfiyat bilan tuydi. U bir yoniga yonboshladi-da, choyshabga qaradi.
Qorong‘ida uning joyimi yoki yo‘qligini aniqlash qiyin edi. Chap tomondan yotoqxona bo‘lmasining
derazasiga zaif yog‘du tushib turardi. Yog‘du manbai yo‘lning narigi yog‘idagi bir necha qavat
pastdagi kvartirada edi va shu bois yog‘du uning boshi uzra shiftda to‘rtburchak shaklda ko‘rinardi.
Palmer choyshabni silab qo‘ydi, barmoqlari ostida asl matoni sezdi, so‘ng xo‘rsindi-da, yana o‘zini
chalqancha tashladi. Uning boshi g‘ijimlangan yostiqda. U o‘z badaniga qaradi. Mana, ko‘p yildirki,
Palmer bo‘sh vaqtida unga razm solmaydi va hozir oyoqlarim haddan tashqari ingichka degan
xulosaga keldi. To‘g‘rirog‘i, agar xolisona aytadigan bo‘lsa, u umuman keyingi vaqtda to‘lishdi,
oyoqlari esa yoshligida qanday bo‘lsa, o‘shandayligicha qolaverdi, — ortiq qiyofasiga mos kelmay
qo‘ydi. Palmer qorniga, to‘q-mallarang tuklariga, oyoqlariga qaradi, oyoq barmoqlarini asta qisirlatib
qo‘ydi. Jin ursin o‘sha Bernsni! Axir shoyi choyshabdan bunaqa sharqona hashamga o‘rgansa
bo‘larkan-ku.
Juvonning oyoqlari ko‘rinmasdi. U Palmerdan o‘ngda qorni bilan yuztuban yotar va bir tekis nafas
olardi, uning uxlayotganiga Palmer amin edi. G’ira-shira yog‘duda uning ikkala dumbasi xuddi oq-
pushtirang shirinlik paxtaday do‘mpayib turar, shunaqasi beliga o‘tib ketar edi. Uning nigohi yuqoriga
o‘rmalagan sari do‘ngliklar oralig‘idagi botiqlik sayozlashib borardi. Beldan yuqorida daryo o‘zaniga
o‘xshash yana bir pastqamlik paydo bo‘ldi va yelka mushaklariga yetmaguncha chuqurlashib
boraverdi, u yerda yuqoriga qarab ketuvchi yana bir soylik bo‘lib, u to‘zib yotgan jingalak sochlar
tagiga kirib ketardi.
Palmer tirsagiga suyandi-da, Virjiniyaga boshqa burchakdan qarash uchun keng ko‘rpaga o‘tirib
oldi.
— M-m-m, — ming‘irladi juvon boshini ko‘tarmasdan. — Soat necha bo‘ldi?