Futbol manejlari. Manejlarda trenirovka mashqlari, shuningdek, mini-futbol bo‘yicha futbol musobaqalari o‘tkaziladi. Manej maydoni tartan, arman, astrtorf nomli sintetik materiallar bilan qoplanadi.
Futbol manejlaridan universal sport zali sifatida foydalanish mumkin.
Futbolchilarda uchraydigan kasalliklar va shikastlanishlar. Futbolchilarda tayanch-harakat a’zolarining quyidagi kasallik va shikastlanishlari deyarli ko‘proq uchraydi:
1. Tizza bo‘g‘imining surunkali artrit kasalligi. Bu kasallik ko‘pchilik futbolchilarda uchragani uchun unga “futbolchi tizzasi” deb nom berilgan.
2. Katta boldir suyak usti pardasining yallig‘lanishi (travmatik periostit).
3. Tizza va boldir-tovon bo‘g‘imi paylarining cho‘zilishi.
4. Sonning orqa yuzasi muskullarining lat yeyishi, yirtilishi, muskul paylarining uzilishi.
5. Ichki oshiq suyagining qattiqlashuvi.
6. Darvozabonlarda bilak-kaft va barmoq bo‘g‘imining shikastlanishi.
Futbolchilarda uchraydigan shikastlatlarning oldini olish. Futbolchilarda uchraydigan shikastlanishlarning oldini olish uchun quyidagi gigiyenik tadbirlarga alohida e’tibor beriladi:
1. Trenirovka mashqlari uslubiy jihatdan to‘g‘ri rejalashtirilishi va qoida bo‘yicha o‘tkazilishi lozim.
2. Trenirovka mashqi va musobaqa o‘tkaziladigan joyning sanitariya-gigiyenik sharoiti talab darajasida bo‘lishi.
3. Futbolchining kiyimi va poyabzali o‘ziga mos bo‘lishi.
4. Trenirovka mashqlari va musobaqalarni qoida asosida tashkil etish, qo‘pollikka, o‘yin qoidasining buzilishiga qat’iy yo‘l qo‘ymaslik.
Bulardan ko‘rinadiki, futbolchilarda shikastlanishlarning oldini olish aksariyat trenerning bilimi, tajribasi va uning o‘z vazifasiga mas’uliyat his etgan holda yondashishiga bog‘liq.
Basketbolning gigiyenik tavsifi. Basketbolning boshqa sport turlaridan farqi shundaki, o‘yinchilarning bo‘yi uzun (185 - 210 sm va undan ham baland) bo‘ladi. Tana vazni ham katta bo‘ladi.
Basketbolchi bo‘yining uzun, vaznining katta bo‘lishi bois, uning harakatlari nisbatan sekinroq bo‘ladi, tez charchaydi.
Basketbolchilarni gigiyenik tayyorlashda ularning yuqorida aytib o‘tilgan xususiyatlarini hisobga olish zarur.