Yangi tahrirdagi o‘zbekiston respublikasi konstitutsiyasi fani bo‘yicha o‘quv uslubiy majmua



Yüklə 330,36 Kb.
səhifə1/30
tarix13.12.2023
ölçüsü330,36 Kb.
#139942
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   30
Yangi tah. O\'z Res Kons majmua


YANGI TAHRIRDAGI O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYASI FANI BO‘YICHA O‘QUV USLUBIY MAJMUA

1 Mavzu: Yangi tahrirda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mohiyati va qabul qilish zaruriyati


“Asosiy Qonunimiz xalqimiz uzoq yillar orzu qilgan milliy mustaqilligimiz va rivojlanish yo‘limiz, inson huquq va erkinliklari kafolatlarini belgilab berdi. To‘la ishonch bilan aytish mumkinki, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak na’munasidir”.
Ma’lumki, Huquqsiz davlat mavjud bo‘la olmaydi. Huquq davlat hokimiyatini yuridik jihatdan rasmiylashtiradi va shu orqali uni qo‘llaydi. Har bir suveren demokratik huquqiy davlatning muhim belgilaridan biri sifatida uning huquq tizimiga va shu huquq tizimining asosi sifatida eng oliy yuridik kuchga ega Konstitutsiyasiga ega bo‘lishi belgilangan.
Davlatimiz mustaqillikka erishgandan keyin demokratik talablarga va prinsiplarga javob beradigan davlat hokimiyatini tashkil etish; bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodni tashkil etish; fuqarolar manfaatiga mos keluvchi fuqaro, jamiyat, davlat munosabatini o‘rnatish, unda fuqaro manfaatlarining ustunligini ta'minlash, inson, uning huquqi, erkinligi, qadr-qimmati, sha'nini oliy qadriyat darajasiga ko‘tarish, mamlakatda yashovchi barcha millatlar manfaatlarini birdek ta’minlash; mamlakat xavfsizligini birday ta’minlashni nazarda tutuvchi tashqi siyosat olib borish vazifasini ko‘zlovchi tashqi siyosat olib borish mamlakatimiz oldidagi eng muhim vazifalar sifatida maydonga chiqdi.
Bu vazifaga erishishi uchun esa yuqoridagilarni birinchi navbatda, huquqiy asosini yaratish, ularni huquqiy normalarda mustahkamlash zarurati paydo bo‘ldi va shu vazifani bajarish uchun mamlakatimizda birinchi marta mustaqil Konstitutsiya ishlab chiqilib qabul qilindi.
Konstitutsiya (lotincha “conctitutio”– o‘rnatish, belgilash, tuzilish) moddiy ma’noda, avvalo, inson va fuqaro huquqlari hamda erkinliklarini e’lon qiluvchi va kafolatlovchi, shuningdek ijtimoiy tuzum, boshqaruv shakli, davlat tuzilishi, hokimiyatning markaziy va mahalliy organlarini tashkil etish asoslarini, ularning vakolatlari, o‘zaro munosabatlarini, davlat ramzlari va poytaxtini belgilaydigan qonun hujjatidir.
Normativ huquqiy hujjatlar huquqning asosiy manbalari sifatida e’tirof etiladi. Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonuninga binoan normativ-huquqiy hujjatlarning turlari quyidagilar qilib belgilangan:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari;
mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari. "Konstitutsiya" tushunchasi XVIII asr oxirida paydo bo‘lib, Konstitutsiyaga juda ko‘p ta’riflar berilgan. "Konstitutsiya"ga turli xil ta’riflar berilgan bo‘lib, ulardan bir necha misollar keltiramiz.
Birinchi ta’rif: fransuz davlatshunos olimi J.Byurdoning Konstitutsiyaga bergan ta’rifi: "Konstitutsiya - siyosiy hokimiyatlarni tayinlash, tashkil etish va faoliyat ko‘rsatishga oid qoidalar yig‘indisidir".
Ikkinchi ta’rifda esa ushbu (yuqoridagi) ta`rifga amerikalik olim K.Berd "Fuqarolar erkinliklari" tushunchasini qo‘shadi.
Uchinchi ta’rif sifatida Nigeriyalik konstitutsiyashunos B.Nvabuyezening ta’rifini berashimiz mumkin: "Konstitutsiya - bu qonun kuchiga ega bo‘lgan formal hujjat bo‘lib, uning yordamida jamiyat o‘z-o‘zini boshqaradi hamda o‘zining turli idoralari bilan shuningdek, bu idoralarning fuqarolar bilan munosabatlarini o‘rnatadi".
Konstitutsiya (lotincha “conctitutio”– o‘rnatish, belgilash, tuzilish) moddiy ma’noda, avvalo, inson va fuqaro huquqlari hamda erkinliklarini e’lon qiluvchi va kafolatlovchi, shuningdek ijtimoiy tuzum, boshqaruv shakli, davlat tuzilishi, hokimiyatning markaziy va mahalliy organlarini tashkil etish asoslarini, ularning vakolatlari, o‘zaro munosabatlarini, davlat ramzlari va poytaxtini belgilaydigan qonun hujjatidir.
Shu ma`noda, Konstitutsiya - davlatning Asosiy Qonuni bo‘lib, davlat hokimiyatini tashkil etishni va hokimiyat, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi.
Dunyodagi ilk konstitutsiya 1789-yil AQShda qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi ham mustaqil davlat sifatida bir qancha tarixiy bosqichlarni bosib o‘tib o‘z konstitutsiyasini qabul qildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini ishlab chiqish zarurati to‘g‘risidagi g‘oya XII chaqiriq Oliy Kengashning 1990 yil martida bo‘lib o‘tgan birinchi sessiyasida yangragan edi.
Shuningdek, 1990-yil 20-iyunda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasi, yangi Konstitutsiya yaratish uchun ham asos bo‘ldi. Deklaratsiya qabul qilingan Oliy Kengash sessiyasida shu hujjat prinsiplari asosida yangi Konstitutsiya ishlab chiqish zarur degan xulosaga kelindi va Birinchi Prezident I.Karimov raisligida
64 kishidan iborat Konstitutsiya loyihasini tayyorlash uchun kommisiya tuzildi. Komissiya keng vakillik xarakteriga ega bo‘lib, uning tarkibiga deputatlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar, Toshkent shahri vakillari, davlat, jamoat tashkilotlari, korxonalar, xo‘jalik rahbarlari, taniqli huquqshunoslar, olimlar, mutaxasislar kiritildi. Konstitutsiya loyihasini tayyorlovchi kommisiyaning birinchi majlisida kommisiya a'zolari va yetakchi mutaxasislardan tashkil topgan,
32 kishidan iborat ishchi guruh tuzilib, ishchi guruh oldiga quyidagi vazifalar qo‘yildi:
-konstitutsiyaviy rivojlanishning jahon tajribasini o‘rganish;
-boshqa mamlakatlarning inson huquqlari borasida, demokratiya va qonunchilik; borasida qo‘lga kiritgan yutuqlarni hisobga olish;
- keng xalq ommasi diliga yaqin va tushunarli bo‘lgan siyosiy-huquqiy hujjat yaratish.
Ishchi guruhlar harakatlari natijasida uchta konsepsiya ishlab chiqildi:
1) Fanlar akademiyasining Falsafa – huquq instituti konsepsiyasi;
2) Siyosatshunoslik va boshqaruv instituti konsepsiyasi;
3) Prezident devonining yuridik bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan konsepsiya
Konsepsiyalar orasidan uchinchi konsepsiya asos sifatida olindi va boshqa ikki konsepsiyadagi ahamiyatli, muhim g‘oyalar bilan boyitilib, yagona konsepsiya shakllantirildi va u asosida loyiha tayyorlashga kirishildi. 1991 yil noyabr oyida
158 moddadan iborat birinchi loyiha, 1992 yil bahorda 149 moddadan iborat ikkinchi loyiha, shu yilning bahor faslining oxirlarida 137 moddadan iborat uchinchi loyiha tayyorlandi va bu loyihani matbuotda e’lon qilishdan oldin sentabr oyida
127 moddadan iborat to‘rtinchi loyiha tayyorlandi. Oxirgi yakuniy loyiha umumxalq muhokamasi uchun 1992 yil 26 sentabrda birinchi marta, 1992 yil 21 noyabrda ikkinchi marta matbuotda e’lon qilindi. Konstitutsiyaning umumxalq muhokamasi davrida 6 mingdan ortiq taklif – tavsiya va mulohazalar bildirildi. Takliflar asosida loyiha matnining deyarli yarmi o‘zgarishga uchradi, 127 moddadan deyarli 60 tasi tuzatishlarga uchradi, 4 ta modda umuman chiqarib tashlandi. Loyiha har tomonlama o‘ylab, takomillashtirilgandan so‘ng, Konstitutsiyaviy komissiya 1992-yil 7-dekabrda bo‘lib o‘tgan majlisida, uni ko‘rib chiqishni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengash sessiyasiga kiritish haqida qaror qabul qildi. Komissiyaning ushbu oxirgi majlisida ham komissiya raisining taklifi bilan loyihaning ko‘plab normalari takomillashtirildi.
1992-yil 8-dekabrda Oliy Kengashning XII chaqiriq XI sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Bu sessiyada Konstitutsiya loyihasini tayyorlovchi komissiya raisi Birinchi Prezidentimiz I.A.Karimov ma’ruza qilib, Konstitutsiya loyihasini yana bir bor deputatlar muhokamasidan o‘tishi lozimligini taklif qilib, sessiyada loyihaga yana 80 ga yaqin o‘zgartirish, qo‘shimcha, aniqliklar kiritildi. Ayrim takliflar asosli tarzda rad etildi. Loyihaning har bir moddasi, bobi, bo‘limlari alohida-alohida muhokama qilinib, tegishli asosli takliflar inobatga olinib, o‘zgartirishlar kiritilgandan so‘ng, qabul qilinish uchun ovozga qo‘yildi. Deputatlar yakdillik bilan Muqaddima,
6 bo‘lim, 26 bob va 128 modaddan iborat Konstitutsiyani qabul qildilar.
Keyinchalik davlatimizning rivojlanishi, jamiyat va dunyo ijtimoiy hayotidagi o‘zgarishlar natijasida konstitutsiyamizga bir qancha o‘zgarishlar kiritilib borildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 6 noyabrda inauguratsiyaga bag‘ishlangan marosimda Konstitutsiyani takomillashtirish masalasini ko‘rib chiqishga e’tibor qaratib: «agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, tub burilish davrida ko‘pgina davlatlarda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilganini ko‘ramiz. Shu sababli, avvalo, senator va deputatlarimiz, keng jamoatchiligimiz, xalqimiz bilan yana bir bor maslahat qilib, jahon konstitutsiyaviy tajribasini o‘rganib, puxta o‘ylagan holda bugungi va kelgusi taraqqiyotimizni belgilab beradigan Asosiy qonunimizni takomillashtirish masalasini ham ko‘rib chiqishimiz kerak» degan taklifni ilgari surdilar.
2022 yil 7 dekabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligi munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga yo‘llagan bayram tabriklarida: “Dunyo miqyosida “Yangi Oʻzbekiston” degan ibora paydo boʻlib, Vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi va obroʻ-eʼtibori tobora ortib bormoqda. Shuni alohida taʼkidlash lozimki, inson, uning hayoti, huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarini taʼminlash, inson qadrini ulugʻlash bu boradagi islohotlarimiz markaziga olib chiqilmoqda. Bu jarayonda siz, aziz vatandoshlarimiz – turli kasb va ijtimoiy guruhga mansub fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan barcha taklif, fikr va mulohazalar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi va Bosh qonunimiz chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi boʻladi” deya ta’kidlab o‘tdilar.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan 2022 yil 20 mayda Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi va bu komissiya tarkibi hamda vazifalari Oliy Majlis Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining qo‘shma majlisida belgilab berildi. Komissiya tarkibiga deputatlar, senatorlar, O‘zbekistonning barcha hududlaridan vakillar, fuqarolik jamiyati institutlari, huquqshunoslar, siyosatshunoslar va boshqa mutaxassislar kiritilib, Konstitutsiyasini o‘zgartirish bo‘yicha qonun loyihasi umumxalq muhokamasiga qo‘yilib, loyiha bo‘yicha fuqarolarning takliflari 2022 yil 20 maydan – 2022 yil
1 avgustga qadar bo‘lgan muddatda qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘zgartirish bo‘yicha fuqarolarning Konstitutsiyaviy komissiyaga kelib tushgan 117 mingdan ortiq takliflari xalqimizning bosh Qomusimizni yangilash islohotiga befarq emasliklarini isbotladi.
Konstitutsiyaviy komissiya xulosasi, o‘zbek xalqining taklif va tavsiyalari inobatga olinib, 2023 yil 10 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qildi. Qonun umumxalq referendumida ovozga qo‘yilishi va Referendum 2023 yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tishi belgilandi. Referendumda ovoz berishda ishtirok etgan 16 667 097 nafar fuqarolarning yarmidan ko‘prog‘i, ya’ni 15 034 608 nafari yoki 90,21 foizi referendumga qo‘yilgan “Siz “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonunini qabul qilasizmi?” degan masalaga “Ha” deb yoqlab ovoz berdi va Referendum natijalariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi qabul qilinib 2023 yil 1 maydan kuchga kirdi. Tuzilishi 6 bo‘lim, 27 bob, 155 moddadan iborat bo‘ldi va yangi tahrirdagi konstitutsiya moddalar soni bo’yicha 128 tadan 155 taga, normalar soni bo‘yicha esa 275 tadan 434 taga ko‘payib Konstitutsiya matni 65% ga yangilandi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya O‘zbekiston jamiyatining evolyutsion rivojlanishidan kelib chiqayotgan hayotiy zarurat bo‘lib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadam bo‘lib xizmat qildi.
Konstitutsiyaviy taraqqiyot mobaynida turli mamlakatlarda nihoyatda ko‘p konstitutsiyalar qabul qilindi. Ularning ichki kompozitsiyasi, tartibga soladigan masalalari, tashqi belgilarida o‘xshashliklar mavjud bo‘lsada, barcha konstitutsiyalarni mazmuni, mohiyati, ijtimoiy vazifalariga ko‘ra tasniflash ma’lum turlarga ajratish mumkin. Turli mamlakatlardagi konstitutsiyalarni turli mezonlarga (kriteriyalarga) asoslanib, har xil guruhlarga (turlarga) bo‘lish mumkin.
Birinchidan, Konstitutsiyalarni ularning mohiyatiga ko‘ra quyidagi turlarga bo‘lish mumkin: ·
- Yuridik Konstitutsiya (formal)-davlatning Asosiy Qonuni.
- Ijtimoiy (sotsial) Konstitutsiya (amaliy)-amaldagi real ijtimoiy munosabatlar. ·
- Tirik Konstitutsiya-AQSH Oliy Sudi bu Konstitutsiyani o‘zgarayotgan ijtimoiy mezonlariga moslab kelmoqda. ·
- Fiktiv (soxta) Konstitutsiya - SSSRning 1936-yil Konstitutsiyasi. ·
- Moddiy Konstitutsiya - konstitutsiyaviy tuzum va inson huquqlarini tartibga soluvchi qonundir.
- Formal Konstitutsiya - Asosiy Qonun bo‘lib, alohida tartibda qabul qilinadi va oliy yuridik kuchga ega
Ikkinchidan, Konstitutsiyalarni shakliga ko‘ra quyidagi turlaga bo‘lish mumkin:
- Yozma konstitutsiyalar. ·
- Og‘zaki (yozilmagan) konstitutsiyalar - Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Butan kabi davlatlar Konstitutsiyalari.
- Yaxlit konstitutsiyalar-Konstitutsiya matni yaxlit bo‘lib, bir vaqtda qabul qilinadi. Masalan, O‘zbekiston, Rossiya, Braziliya Konstitutsiyalari yaxlit Konstitutsiyalarga misol bo‘la oladi. ·
- Yaxlit bo‘lmagan (noyaxlit) konstitutsiyalar - bunday Konstitutsiyalar turli vaqtda qabul qilingan qonunlardan iborat bo‘ladi. Masalan, Shvetsiya, Finlandiya, Isroil konstitutsiyalari. ·
- Yumshoq konstitutsiyalar - bunday Konstitutsiyalar oddiy qonunlar kabi o‘zgartiriladi. Masalan, Buyuk Britaniya Konstitutsiyasiga 350 ga yaqin qonunlar kiradi va oddiy tartibda o‘zgartiriladi. ·
- Qattiq konstitutsiyalar- alohida murakkab tartibda o‘zgartiriladi. Masalan, AQSH, Rossiya, O‘zbekiston konstitutsiyalari. ·
- Doimiy konstitutsiyalar. Aksariyat konstitutsiyalar doimiydir.
- Vaqtinchalik (muvaqqat) konstitutsiyalar-Iroqda 1970-yil, Birlashgan Arab Amirligida 1971-yildan beri harakatda bo‘lgan konstitutsiyalar.
Uchinchidan, Konstitutsiyalarni ularni ijtimoiy mazmuniga qarab ham bir necha turga bo‘lish mumkin.
1. G‘arb mamlakatlari Konstitutsiyalari.
2. Rivojlanayotgan mamlakatlar Konstitutsiyalari.
3. O‘tish davri mamlakatlari Konstitutsiyalari.
4. Teokratik davlatlar Konstitutsiyalari.
Konstitutsiyalarni yana quyidagi turlarga ham bo‘lish mumkin:
1. Demokratik Konstitutsiyalar.
2. Avtoritar Konstitutsiyalar.
3. Totalitar Konstitutsiyalar.
- Avtoritar konstitutsiyalar ichida yana totalitar konstitutsiyalar bo‘lishi e'tirof etiladi.
- Demokratik konstitutsiyalar fuqarolarning muayyan huquq va erkinliklarini kafolatlaydi, siyosiy partiyalarning erkin shakllanishi va faoliyat ko‘rsatishiga yo‘l qo‘yadi, hokimiyat idoralari ta'sis etilishining saylov tartibini o‘rnatadi va hokazo.
- Avtoritar konstitutsiyalar siyosiy partiyalar faoliyatini cheklaydi yoki taqiqlaydi, ba'zan yakka partiyaning hukmronligini o‘rnatadi. Nomiga e'lon qilingan konstitutsiyalar fuqarolar huquq va erkinliklarini jiddiy cheklash yo‘lini tutadi. Avtoritar (totalitar) konstitutsiyalar haddan ziyod mafkuralashganligi bilan ajralib turadi.
Boshqaruv shaklini mustahkamlash hamda davlat boshlig‘i lavozimini egallash tartibiga ko‘ra,
- monarxiya konstitutsiyalar
- respublika konstitutsiyalari
Siyosiy hududiy tuzilishni belgilashiga qarab
- federativ konstitutsiyalar. Federativ davlatlarda federal konstitutsiya va Federatsiya subyektining konstitutsiyasi mavjud bo‘ladi.
- unitar konstitutsiyalar farqlanadi.
Konstitutsiyaning qabul qilishning quyidagi usullarini ko‘rsatish mumkin:
- Ta`sis (konstitutsiyaviy) majlis tomonidan. Braziliya (1988), Portugaliya (1976), Bolgariya (1991), Ruminiya (1991) Konstitutsiyalari shu usul bilan qabul qilingan.
- Amaldagi parlament tomonidan - Xitoy (1992), Tanzaniya (1977) Konstitutsiyalari misolida.
- Referendum yo‘li bilan - Rossiya (1993), Fransiya (1958), Qozog‘iston (1995), Kuba (1976), Chili (1980) O‘zbekiston (2023) kabi davlat konstitutsiyalari referendum yo‘li bilan qabul qilingan.
Ko‘pgina rivojlanayotgan mamlakatlarda Konstitutsiyalar hadya etish yo‘li bilan ham qabul qilinadi. Hadya etishning 3 yo‘li mavjud:
1. Mutlaq monarxiya sharoitida Konstitutsiyani o‘z xalqiga podsho, qirol, sulton, monarx hadya qiladi. Buni Nepal (1962), Saudiya Arabistoni (1992) Konstitutsiyalari misolida ko‘rishimiz mumkin.
2. Metropoliya mustamlakachi davlat o‘z mustamlakasiga Konstitutsiya hadya qiladi va uning mustaqil davlatligini tan oladi. Buyuk Britaniya 1979 yil Zimbabvega Konstitutsiya hadya qilgan.
3. Harbiy yoki revolyutsion Kengash Konstitutsiyani hadya qiladi. Masalan, Misr, Suriya, Iroq, Afg‘oniston Konstitutsiyalari shu tarzda qabul qilingan.



Yüklə 330,36 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   30




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©muhaz.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin